O‘zbekistonda rivojlanishida alohida ehtiyoji bo‘lgan 3 yoshgacha bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilmoqda. Prezident qarori bilan “Erta aralashuv” xizmati rasman belgilandi. Tizimni bosqichma-bosqich joriy etish 2026 yil 1 iyunga qadar yakunlanadi.
Yangi model erta diagnostikadan boshlab to‘liq reabilitatsiyagacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi. Bolalar maxsus pedagoglar tomonidan korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar, davolovchi jismoniy tarbiya bo‘yicha instruktorlar bilan reabilitatsiya darslari hamda muntazam tibbiy kuzatuv va holatini baholash xizmatlarini olish imkoniga ega bo‘ladi. Anatomik nuqsonlari bo‘lgan bolalarni qo‘shimcha tekshiruv va jarrohlik davolash xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan diagnostika va yordam og‘ir nogironlik holatlari xavfini kamaytiradi hamda bolalar va ularning oilalari hayot sifatini yaxshilaydi.
Qaror doirasida qo‘shimcha imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Nogironligi bo‘lgan 3 yoshdan 18 yoshgacha bolalar ota-onalari uchun kunduzgi parvarish markazlariga to‘lov (oyiga 3 million so‘mgacha) daromad solig‘idan ozod etiladi. I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning bir nafar kuzatuvchisiga shahar jamoat transportida bepul yurish huquqi beriladi.