Toshkent tadbirkorlari 2026 yil fevralda tasdiqlangan shahar dizayn-kodini joriy etish jarayonidagi muammolarni ochiq ko‘tardi. Biznes vakillari va Savdo-sanoat palatasi bilan uchrashuvda axborot peshtaxtalari uchun to‘lovlarni bekor qilish va demontajni zudlik bilan to‘xtatish talablari yangradi.
Evos tarmog‘i vakilining aytishicha, kompaniya reklama joyi pasportini rasmiylashtirish uchun qariyb 20 million so‘m davlat boji to‘lagan, hozir esa har chorakda 80 million so‘mdan to‘lab kelmoqda. Shunga qaramay, yangi talablarga mos kelmagani sabab peshtaxtalar baribir olib tashlanmoqda — har bir demontaj yana 20 million so‘mga tushadi va hech qanday kompensatsiya berilmaydi. “Biz havoga pul to‘layapmiz”, — dedi u. Evos 3000 dan ortiq ish o‘rni yaratgan yirik soliq to‘lovchi ekani ham ta’kidlandi.
Uzum Market esa 321 ta buyurtma berish punkti uchun ariza topshirish va pasport rasmiylashtirishga 120 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflagan. Bundan tashqari, kompaniyadan har chorakda to‘lov undirilmoqda — Toshkentdagi tariflar hududlarga nisbatan ancha yuqori.
Korzinka vakili Malik Karimovning so‘zlariga ko‘ra, bitta peshtaxtani almashtirish 60–100 million so‘mga tushadi va bunday xarajatni har bir tadbirkor ko‘tara olmaydi. Uning ta’kidlashicha, peshtaxta bo‘lmasa, xaridorlarda do‘kon yopiq degan taassurot paydo bo‘ladi va biznes to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar ko‘radi. Papa Johns va EvoEva xoldingi vakili Bobur Talipov esa dizayn-kod talablari oddiy va tushunarli tarzda izohlanmaguncha demontajni to‘liq to‘xtatishni taklif qildi. 254 betlik hujjat tadbirkorlarda javoblardan ko‘ra ko‘proq savollar uyg‘otmoqda.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov 36 ta ko‘chada, umumiy uzunligi 432 km bo‘lgan hududda peshtaxtalar uchun to‘lovni bir yilga bekor qilishni taklif qildi. Uning fikricha, kafe yoki dorixonadagi axborot peshtaxtasi reklama emas, balki yo‘l ko‘rsatkich hisoblanadi. 24 aprel kuni Savdo-sanoat palatasi va hokimiyat kelishuvga erishdi: allaqachon ishlar boshlangan 100 km ko‘chada peshtaxtalar yagona standartga keltiriladi, qolgan 472 km hududda esa demontaj o‘tkazilmaydi — biznesga bosqichma-bosqich yangilash uchun 30 kun muddat beriladi.
O‘zbekiston biznes-ombudsmani ofisi ham shahar kengashi qarorini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha xulosa berdi. Unda amaldagi qonunchilikka zid jihatlar va ranglar bo‘yicha noaniq talablar qayd etilgan bo‘lib, bu holat tovar belgilariga oid huquqlarga ham ta’sir qilishi mumkin.