Yangiliklar
30.04.26
7242

O‘zbekiston ilk bor ishchilarni Fransiyadagi uzumzorlarga yuboradi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Fransiya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlar bo‘yicha kelishuvga erishdi. Joriy yozda pilot loyiha doirasida u yerga 50 nafar fuqarolar yuboriladi.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Fransiya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi (FNSEA) bilan o‘zbekistonliklarni uzumzorlardagi mavsumiy ishlarga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Joriy yozda pilot loyiha doirasida ilk bor 50 nafar nomzod Fransiyaga yuboriladi.

Nomzodlarni tanlash va ishga joylashtirishni tashkil etish uchun fransuzning Sélect Recruiting Service kompaniyasi bilan alohida bitim tuzildi. Shu bilan birga, CFA AC Paris bilan “ta’lim + ish” formatida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, Fransiyada restoran sohasi uchun o‘qitish va bandlik dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Muzokaralar doirasida Migratsiya agentligi Fransiya TIV, Ichki ishlar va Ta’lim vazirliklari, France Travail bandlik xizmati, CCI Île-de-France Savdo-sanoat palatasi hamda Parij davlat shifoxonalari tizimi AP-HP vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mazkur kelishuv O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini kengaytirish strategiyasi doirasiga kiradi. 20 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda xorijiy ish beruvchilardan 100 mingdan ortiq mutaxassisga talab kelib tushgani ma’lum qilingan edi. Fransiya esa AQSh, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Janubiy Koreya bilan birga mavsumiy bandlikni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor davlatlar qatoriga kiradi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling