Yangiliklar
30.04.26
7182

Iyun oyidan boshlab jarima maydonchasidan avtomobilni ilova orqali olib ketish mumkin bo‘ladi

2026 yil 1 iyundan boshlab jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqish uchun arizani MyGov.uz portali, YHXB mobil ilovasi yoki davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish mumkin bo‘ladi. Xizmat bepul, ruxsatnoma esa bir ish kuni ichida beriladi.

2026 yil 1 iyundan boshlab jarima maydonchasiga olib qo‘yilgan avtomobil egalari transport vositasini olib chiqish uchun arizani elektron shaklda topshirishi mumkin bo‘ladi. Tegishli qaror 28 aprel kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilindi.

Arizani MyGov.uz portali, YHXB mobil ilovasi yoki davlat xizmatlari markazlari orqali yuborish mumkin bo‘ladi. IIVga axborot tizimlarini 31 mayga qadar to‘liq integratsiya qilish vazifasi yuklatildi.

Ariza ko‘rib chiqilganda egasining shaxsiy ma’lumotlari va transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilgani tekshiriladi. Avtomobilni olib chiqishga ruxsatnoma bir ish kuni ichida berilishi kerak. Xizmat bepul taqdim etiladi.

Shuningdek, YHXBga bevosita murojaat qilish — og‘zaki yoki yozma shaklda — imkoniyati ham saqlanib qoladi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling