O‘zbekiston aeroportlari yo‘lovchi tashish hajmini barqaror oshirmoqda. Uzbekistan Airports ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mamlakat havo bandargohlari 3 987 313 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19 foizga ko‘p. Parvozlar soni esa 10 foizga oshib, 30 859 taga yetgan, shundan 22 885 tasi xalqaro, 7 974 tasi ichki reyslardir.
Mamlakatning asosiy aviatsiya markazi — Toshkent aeroporti bo‘lib qolmoqda. Poytaxt aeroporti 2,56 million yo‘lovchini qabul qilgan va qariyb 19 mingta reysga xizmat ko‘rsatgan. Hududiy aeroportlar orasida yetakchilik Samarqandga tegishli — 376,4 ming yo‘lovchi. Keyingi o‘rinlarda Urganch (222 ming), Namangan (210,1 ming) va Farg‘ona (161,2 ming) aeroportlari joylashgan.
Yuk tashish segmentida ham o‘sish qayd etilgan: qayta ishlangan yuk va pochta hajmi 14 foizga oshib, 19 783 tonnani tashkil etgan.