Yaponiyada ayiq hujumlari soni rekord darajaga yetdi. 2025 yilda yirtqichlar bilan taxminan 20 mingta to‘qnashuv qayd etilib, natijada 100 dan ortiq kishi jarohat olgan, 13 kishi esa halok bo‘lgan.
Eng og‘ir vaziyat shimoldagi Akita prefekturasida kuzatilmoqda — bu yerda 8 mingdan ortiq holat qayd etilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan olti baravar ko‘p. To‘rt kishi halok bo‘lgan, jumladan, o‘rmonda qo‘ziqorin terayotgan keksalar va o‘z yerida ishlayotgan fermer ayol.
Xavf darajasi oshgani sababli mahalliy hokimiyat harbiylardan yordam so‘radi. Akitaga zirhli jiletlardagi 15 nafar askar yuborilgan. Ular yirtqichlarni haydash uchun maxsus spreylardan foydalanmoqda, tuzoqlarni tekshirib, yangilarini o‘rnatmoqda hamda o‘lgan hayvonlarning jasadlarini yo‘q qilmoqda. Aylarni otish ularga taqiqlangan — bu ish bilan professional ovchilar shug‘ullanadi. Keyinchalik harbiylar mintaqaning boshqa hududlariga ham yo‘naltiriladi.
Mutaxassislar fikricha, hujumlar sonining ko‘payishiga ayiq populyatsiyasining o‘sishi va iqlim o‘zgarishi tufayli tabiiy ozuqa tanqisligi sabab bo‘lgan. Hozir mamlakatda qariyb 44 mingta Osiyo qora ayiqlari va 12 mingta jigarrang ayiq yashaydi. Zarur ozuqa — palid va yong‘oq yetishmasligi hayvonlarni inson yashaydigan hududlarga yaqinlashishga majbur qilmoqda.
Ayiqlar odatda oktabr–noyabr oylarida, qishki uyquga tayyorlanish davrida eng faol bo‘ladi. Bu yili ular hatto Tokio chekkalarida ham paydo bo‘lgan. Jabrlanganlar orasida fermerlar, o‘quvchilar va sayyohlar bor. Hokimiyat xavfsizlik choralarini kuchaytirgan, ovchilarga esa qurol ishlatish bo‘yicha kengroq ruxsat berilgan. Ba’zi hududlarda hayvonlarni qo‘rqitish uchun shovqin chiqaruvchi dronlardan foydalanish rejalashtirilmoqda.