Dunyo
28.10.25
7833

Turkiyada 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi: 19 kishi jarohat oldi

Turkiyaning g‘arbida 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bir nechta binolar zarar ko‘rdi, 19 kishi jarohat oldi. Rasmiylar vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi.

Turkiyaning g‘arbida, Balikesir viloyatida kecha kechasi 6,1 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila natijasida bir necha hududlarda binolar vayron bo‘ldi va zarar ko‘rdi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uchta bino va bitta do‘kon butunlay qulagan. Qurbonlar haqida xabar berilmagan, biroq sog‘liqni saqlash vazirligi 19 kishi turli darajadagi jarohatlar olganini, ayrimlari zilzila paytida binolardan chiqishga uringanida shikastlanganini ma’lum qildi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi. Qutqaruv va favqulodda xizmatlar hozirda hodisa joylarida ish olib bormoqda.

Mahalliy hokimliklar zararni baholash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.

Avvalroq xabar berilishicha, O‘zbekistonda 2026-yil yanvaridan boshlab kuchli zilzilalarni oldindan bashorat qilish uchun sun’iy intellekt tizimi joriy etiladi. Dastlabki bosqichda tizim Toshkentda sinovdan o‘tkazilib, binolar, ko‘priklar va tarixiy obidalar zilzilabardoshligini baholashda qo‘llanadi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling