Dunyo
20.10.25
7650

Parijda Luvr o‘g‘irlandi: Napoleon va imperatritsaga tegishli qimmatbaho taqinchoqlar o‘g‘irlab ketildi

Luvrda o‘g‘irlik sodir bo‘ldi: Napoleon va imperatritsaga tegishli zargarlik buyumlari o‘g‘irlab ketildi. Politsiya tergov olib bormoqda, muzey yopilgan.

Fransiyada dunyoning eng mashhur muzeylaridan biri — Luvrda jasoratli talonchilik sodir bo‘ldi. Bu haqda Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum ertalab, muzey ochilayotgan paytda sodir bo‘lgan. Hodisa natijasida hech kim jabrlanmagan, politsiya voqea joyida tergov harakatlarini olib bormoqda.

Le Parisien nashrining yozishicha, jinoyatchilar sobiq qirollik saroyining Senga qaragan tomonidan, hozirda qurilish ishlari olib borilayotgan joydan kirib kelishgan. Ular yuk lifti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri Apollon galereyasiga chiqib, Napoleon va imperatritsaga tegishli zargarlik kolleksiyasidan to‘qqizta buyumni o‘g‘irlab ketishgan.

Hodisa ortidan muzey ijtimoiy tarmoq X orqali bayonot berib, Luvr “favqulodda sabablar” tufayli butun kun davomida yopiq bo‘lishini e’lon qildi.

Guvohlarning aytishicha, xavfsizlik xizmati xodimlari bino ichida qolib ketgan, tashqaridagi mehmonlarga esa muzeyning yopilgani haqida ma’lumot berilgan.

Madaniyat vaziri muzey vakillari va politsiya bilan birga voqea joyiga yetib borgan. Hozirda jinoyatchilarning shaxsi aniqlanmoqda, yetkazilgan zarar miqdori baholanmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling