Dunyo
16.09.25
7382

O‘zbekiston Vladivostokda o‘z fuqarolariga qilingan hujumdan so‘ng nota yubordi

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarga o‘smirlar tomonidan hujum qilingach, Rossiya TIV va prokuraturasiga nota yubordi. Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi shahar TIV vakolatxonasi va Primorye o‘lkasi prokuraturasiga o‘zbekistonlik fuqarolarga yoshlar guruhi tomonidan uyushtirilgan hujumdan so‘ng nota yubordi. Bu haqda bosh konsul Yusup Qabuljanov ma’lum qildi.

Avvalroq ekologiya vaziri maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Qusherbayev Buxoro viloyatidan chiqqan fuqarolarga hujum qilingan uchta videoni e’lon qilgan edi. Kadrlarida yoshlardan biri taksi haydovchisini do‘pposlagani, boshqasini milliy belgisi bo‘yicha haqorat qilgan holda quvlagani va qurol ko‘rsatgani aks etgan.

Qabuljanovning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar konsulxonaga murojaat qilgan, ularga huquqiy yordam ko‘rsatilgan va keyinchalik ular Vladivostok IIBga rasmiy ariza topshirgan.

«Rossiya TIV vakolatxonasi va Primorye prokuraturasiga barcha tegishli choralarni ko‘rish zarurligi haqida nota yuborildi», — dedi bosh konsul.

Eslatib o‘tamiz, sentyabr boshida O‘zbekiston TIV xuddi shunday voqea bo‘yicha Moskva viloyatining Ximki shahriga ham nota yuborgan edi.

16 sentyabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Primorye bo‘yicha 15 yoshli o‘smirlar va ularning sheriklariga nisbatan JKning 213-moddasi 2-qismi («Bezorílik») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 10 sentyabr kuni kechasi Vladivostokdagi Xabarovskaya ko‘chasida mast holatdagi o‘smirlar guruhi avtomobilga shikast yetkazgan, saloniga gaz balonchasi purkagan, so‘ng yuk mashinasi haydovchisini do‘pposlagan. Keyin ular do‘konga bostirib kirib, xaridorga hujum qilgan hamda taksi haydovchisi va yo‘lovchisiga tashlangan.

Gumondorlarning shaxsi aniqlangan: bittasi qo‘lga olingan, ikkitasi qidiruvda. Tergov qo‘mitasi ularning «salbiy tavsifga ega» ekanini va ilgari ham bezorilik ishi bo‘yicha politsiya e’tiboriga tushganini qayd etdi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling