Dunyo
07.11.25
7670

Tramp: AQSh endi Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp avvalgi ma’muriyatlar Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirganini aytib, bu yondashuvni o‘zgartirishini ma’lum qildi. Oq uyda mintaqa rahbarlari bilan o‘tgan uchrashuvda savdo, xavfsizlik va yangi TRIPP transport yo‘lagi loyihasi muhokama qilindi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyo endi Vashington e’tiboridan chetda qolmasligini ta’kidladi. Oq uyda mintaqa mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuvda u hududning strategik ahamiyatini qayd etib, tarixan bu yerda Buyuk Ipak yo‘li o‘tganini va bugun Markaziy Osiyo Yevroosiyodagi muhim o‘rin tutishini eslatdi.

«Men uchun bu yerda haqiqatan ham yirik va hurmatga sazovor yetakchilarni qabul qilish katta sharaf. Juda ozchilik ularning darajasiga tenglasha oladi», — dedi Tramp.

Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy va harbiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. AQSh prezidenti so‘nggi oylar ichida imzolangan savdo bitimlarini, jumladan, harbiy texnika yetkazib berish va muhim minerallar sohasidagi sheriklikni eslatib o‘tdi.

Tramp shuningdek TRIPP (Trump Route for International Peace and Prosperity) tashabbusini taqdim etdi — u Armaniston orqali o‘tuvchi transport yo‘lagi bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlariga Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, u Qozog‘istonning Avraam kelishuvlariga qo‘shilganini ma’lum qildi va bu qadam mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tramp nutqini Amerika va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ishonch hamda hamkorlik ruhini e’tirof etish bilan yakunladi.

Avvalroq, O‘zbekiston va AQSh keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishgani xabar qilingandi. Tashkent yaqin o‘n yil ichida AQSh iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling