Dunyo
12.11.25
7516

Islomoboddagi sud binosi yaqinida sodir bo‘lgan terrorchilik hujumi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi

Islomobodda sud binosi yonida terrorchi o‘zini portlatdi. 12 kishi halok bo‘ldi, 37 kishi jarohat oldi. Hujum uchun javobgarlikni TTP harakati o‘z zimmasiga oldi.

Pokiston poytaxti Islomobodda tuman sudi binosi yonida sodir bo‘lgan terrorchilik hujumi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, yana 37 kishi jarohat oldi. Jabrlanganlar orasida to‘rt nafar politsiyachi ham bor.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash 11 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Xabar berilishicha, terrorchi o‘zini sud binosiga kiritishga uringan, biroq bunga muvaffaq bo‘lmagach, portlovchi qurilmani politsiya avtomobili yaqinida portlatgan.

Pokiston ichki ishlar vaziri Moxin Roza Nakvining so‘zlariga ko‘ra, hujumda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlashga yordam beruvchi dalillar allaqachon topilgan.

Hujum uchun javobgarlikni “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP) harakati o‘z zimmasiga oldi. Guruh bayonotida hujum nishonlari “islomiy qonunlarga zid qarorlar chiqargan sudyalar, advokatlar va amaldorlar” bo‘lgani aytilgan. TTP vakillari mamlakatda “shariat joriy etilmaguncha” yangi hujumlar uyushtirish bilan tahdid qilgan.

Afg‘onistonda hokimiyatni egallab turgan “Tolibon” harakati esa hujumni keskin qoraladi va hamdardlik bildirdi. Afg‘oniston TIV rasmiy vakili Abdul Kahar Balhiy bu voqeani “qabul qilib bo‘lmaydigan zo‘ravonlik harakati” deb atadi.

Avvalroq Pokiston hukumati Afg‘oniston rahbariyatidan TTPni terrorchi tashkilot sifatida tan olishni va unga qarshi harbiy choralar ko‘rishni talab qilgan edi. Aks holda, yangi hujumlar takrorlansa, Afg‘oniston hududiga havo zarbalari berilishi bilan ogohlantirgan. Qatari va Turkiya vositachiligida Istanbulda o‘tgan muzokaralar esa natijasiz yakunlangan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling