BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi seshanba kuni Jenevada 9 sentyabr kuni Isroil tomonidan Qatarga uyushtirilgan, HAMAS yetakchilariga qaratilgan havo hujumi yuzasidan shoshilinch munozaralar o‘tkazadi.
Guruhning o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, hujum natijasida uning besh nafar a’zosi halok bo‘lgan, biroq rahbariyatga zarar yetmagan. Ushbu voqea Fors ko‘rfazi davlatlarida, jumladan AQShning ittifoqchilarida keskin munosabat uyg‘otdi va Isroilning 2020 yilda aloqalarni normallashtirgan mamlakatlari bilan munosabatlarida keskinlikni kuchaytirdi.
Debatlarni o‘tkazish tashabbusi Pokiston (Islom hamkorlik tashkiloti nomidan) va Quvayt (Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi nomidan) tomonidan ilgari surildi. So‘rov arab va islom mamlakatlari yetakchilarining Dohadagi yig‘ilishi fonida berildi, unda Isroil harakatlari bilan bog‘liq mintaqaviy barqarorlik tahdidlari muhokama qilinmoqda.
Isroilning Jenevadagi missiyasi qarorni “bema’nilik” deb atadi va muhokama yakunida qabul qilinadigan har qanday hujjat “xalqaro inson huquqlari mexanizmlariga soya soladi” deya bayon qildi.
Mazkur munozaralar 2006 yilda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tashkil etilgandan beri o‘ninchi shoshilinch yig‘ilish bo‘ladi.
Shu bilan birga, Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga nisbatan genotsid ayblovlarini rad etishda davom etmoqda va o‘z harakatlarini 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS jangarilari uyushtirgan hujumga javob sifatida izohlamoqda. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni 1200 kishi halok bo‘lgan, 251 kishi garovga olingan. G‘azo rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra esa, deyarli ikki yil davom etayotgan mojaroda 64 mingdan ortiq kishi qurbon bo‘lgan.