Shvetsiya hukumati 2026-yildan boshlab maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga umumrespublika bo‘yicha taqiq joriy etilishini e’lon qildi. Guardian xabariga ko‘ra, cheklov 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarga tatbiq etiladi.
Yangi qoidalarga muvofiq, telefonlar dars va sinfdan tashqari mashg‘ulotlar vaqtida olib qo‘yiladi hamda o‘quvchilarga faqat o‘quv kuni yakunida qaytariladi. Hukumat bunday choralar o‘quvchilarning xavfsizligini oshirish va ta’lim sifatini yaxshilashiga umid qilmoqda.
Tashabbusni amalga oshirish uchun 2026-yilda 95 million shved kroni (taxminan 10,2 million dollar), 2027-yilda esa 100 million kron ajratilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi ayrim maktablarda bunday tartib allaqachon amal qilmoqda. Biroq o‘quvchilar ko‘pincha qalbaki qurilmalarni topshirish yoki telefonlarini yo‘qotganini yoki buzilganini aytib, taqiqni chetlab o‘tishga urinadi.
Maktablarda mobil telefonlardan foydalanishga taqiq global tendensiyaga aylanib bormoqda. 2024-yilda Niderlandiya, Fransiya (6–15 yoshdagilar uchun), Xitoy va Angliya shunday choralarni joriy qilgan. 2025-yil avgustida Janubiy Koreya parlamenti ham xuddi shunday qonunni ma’qullab, uning 2026-yil martidan kuchga kirishini belgiladi.