O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus elchisi Serjio Gorani qabul qildi.
Uchrashuv boshida amerikalik diplomat prezident Donald Trampning salomini yetkazdi. Tomonlar 5-sentabr kuni ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda erishilgan kelishuvlar doirasida strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, Toshkent va Vashington o‘rtasidagi siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda, delegatsiyalar soni ortib bormoqda va ishbilarmonlik aloqalari kengaymoqda. O‘zbekiston delegatsiyasining AQShga tashrifi yakunlari bo‘yicha aviatsiya, tog‘-kon sanoati, moliya, innovatsiya, kimyo va energetika sohalarini qamrab olgan 100 milliard dollardan ortiq shartnomalar va loyihalar portfeli shakllantirildi.
Alohida e’tibor AQSh Eksimbanki va DFC fondi imkoniyatlaridan yangi loyihalarni ilgari surishda foydalanish hamda qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitani tashkil etishga qaratildi. Shuningdek, xavfsizlik, terrorizmga va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.