Dunyo
06.11.25
7460

AQShda hukumatning faoliyati to‘xtatilgan davr tarixdagi eng uzayganiga aylandi — ish tashlash 36 kundan beri davom etmoqda

AQSh hukumati 36 kundan beri faoliyat yuritmayapti — bu mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan “shutdown” hisoblanadi. Kongress sog‘liqni saqlash masalalaridagi kelishmovchiliklar sabab byudjetni tasdiqlay olmayapti.

AQShda hukumatning 36 kundan beri davom etayotgan faoliyatsizlik holati mamlakat tarixidagi eng uzoq davom etgan “shutdown”ga aylandi, deb xabar bermoqda CBS News.

Avvalgi rekord Donald Tramp prezidentligi davrida, 2018-yil oxirida hukumat 35 kun ishlamay qolgan paytda qayd etilgan edi.

Joriy “shutdown” 1-oktabrda boshlandi. Respublika va demokratlar yangi moliyaviy yil uchun federal byudjet yuzasidan kelishuvga erisha olmagan. Asosiy kelishmovchilik “Affordable Care Act” doirasidagi subsidiya dasturlari atrofida yuzaga kelgan — ularning muddati 2025-yil oxirida tugaydi.

Demokratlar tibbiy sug‘urtani yanada arzonlashtiruvchi soliq imtiyozlarini uzaytirish va Medicaid dasturini moliyalashtirishni saqlab qolishni yoqlamoqda. Respublikachilar esa bu xarajatlarni ortiqcha deb hisoblamoqda.

Garchi respublikachilar Kongressning ikkala palatasida ham ko‘pchilikni tashkil etsa-da, Senatda byudjetni qabul qilish uchun zarur bo‘lgan 60 ovozga ega emas. 4-noyabr kuni ular hukumatni moliyalashtirish bo‘yicha qonun loyihasini 14-marta ovozga qo‘ydi, biroq demokratlar yana qarshi chiqishdi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, “shutdown” natijasida 650 mingdan ortiq federal xizmatchi maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuborilgan, yana 600 mingga yaqin muhim sohalar xodimlari ishni to‘xtatmasdan, ammo oyliksiz davom ettirmoqda.

AQSh transport vaziri Shon Daffi ogohlantirishicha, inqiroz cho‘zilsa, mamlakat havo hududining ayrim qismlari yopilishi mumkin. Hozirda 13 mingga yaqin aviadispetcher va 50 ming TSA (Transport xavfsizligi boshqarmasi) xodimi ish haqi olmasdan ishlamoqda.

“Tez orada ommaviy reys kechikishlari va bekor qilinishini ko‘rasiz. Ehtimol, ayrim havo yo‘llarini vaqtincha yopishga to‘g‘ri keladi, chunki yetarli xodim bo‘lmaydi”, — dedi Daffi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, cho‘zilgan “shutdown” AQSh iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda — investorlar ishonchini kamaytirib, mehnat bozoriga bosimni kuchaytirmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling