Dunyo
19.09.25
7468

Putin mehnat migrantlari uchun patentlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi

Vladimir Putin Rossiya mehnat migrantlari uchun patentlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi. Hozirda ishlash ruxsatnomasini mamlakatga kirgandan keyin 30 kun ichida olish talab etiladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mehnat migrantlari uchun patent tizimini bekor qilish imkoniyatini muhokama qilish zarurligini ta’kidladi, deya xabar bermoqda RBK.

«Migrantlar uchun patent tizimini bekor qilish — o‘ylab ko‘rish kerak. Bu tizim keng qo‘llanadi. Men hech narsani inkor etmayman», — dedi u Davlat Dumasi fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya sohasi rossiyaliklar uchun hanuz juda sezgir mavzu bo‘lib qolmoqda va hokimiyat mavjud muammolarni e’tiborsiz qoldira olmaydi:
«Bu fuqarolar uchun juda sezgir masala, na federal, na mintaqaviy hokimiyat uni yo‘qdek ko‘rsata olmaydi. Muammolarni faqat ularga doimiy e’tibor qaratish orqali hal etish mumkin», — dedi u.

Hozirda Rossiyada vizasiz tartibda kiradigan davlatlar fuqarolari uchun patent tizimi amal qiladi. Patent ishga ruxsatnoma bo‘lib, mamlakatga kirgandan keyin 30 kun ichida rasmiylashtirilishi kerak.

Ushbu hujjatni olish uchun migrantlar yashash joyida ro‘yxatdan o‘tishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, tarix va qonunchilik bo‘yicha bilimini tasdiqlashi, hujjatlar paketini IIVga topshirishi va davlat boji to‘lashi lozim.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling