AQSHning barcha 50 shtatida hamda Yevropaning yirik shaharlarida “Podshohlarga yo‘q” shiori ostida prezident Donald Tramp siyosatiga qarshi millionlab odamlar ishtirok etgan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Axios nashriga ko‘ra, mitinglarda qariyb 7 million kishi qatnashgan.
Namoyishlar AQSH hukumati uch haftadan beri faoliyatini to‘xtatgani va prezidentning demokratlar boshqarayotgan shaharlarga harbiylarni yuborish qarori ortidan kuchaygan norozilik fonida o‘tkazildi.
Aksiyalarning tashkilotchilari — Amerika fuqarolik erkinliklarini himoya qilish ittifoqi (ACLU), Amerika o‘qituvchilar federatsiyasi, 50501 harakati (“50 norozilik, 50 shtat, bitta harakat”), Indivisible va MoveOn bo‘ldi.
— “Millionlab insonlar ‘Podshohlarga yo‘q’ shiori ostida tinchlik bilan birlashmoqda, bu xalq hokimiyatining egasi ekanini eslatishdir”, — dedi MoveOn ijrochi direktori Keti Betell.
Nyu-Yorkdagi Tayms-skver maydonida minglab namoyishchilar “Demokratiya — monarxiya emas” va “Konstitutsiya majburiy” degan yozuvli plakatlarni ko‘tardilar. Noroziliklarning asosiy mavzulari — demokratiyani himoya qilish, migratsiya siyosatini tanqid qilish, shaharlarga harbiy joylashtirishga qarshilik hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi federal dasturlar qisqarishidan norozi bo‘lish edi.
Bunga javoban Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan videoni joyladi. Unda u toj kiygan holda “Qirol Tramp” yozuvli jangovar samolyotni boshqarib, Nyu-Yorkdagi namoyishchilarga “kir” tashlayotgani tasvirlangan.
Keyinroq, Air Force One bortida so‘zlagan Tramp namoyishlarni jiddiy deb hisoblamasligini aytdi:
“Men podshoh emasman. Faqat mamlakatimizni buyuk qilish uchun mehnat qilayapman. Bu mitinglar butun Amerikaning fikrini aks ettirmaydi”, — dedi u.