BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi ochilishi arafasida Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan oldi.
Kanada bu qadamni tashlagan «Yettalik guruhi»ning ilk davlati bo‘ldi. Bosh vazir Mark Karni so‘zlariga ko‘ra, Isroil hukumatining hozirgi siyosati falastin davlati tashkil topishiga to‘sqinlik qilmoqda va noqonuniy aholi punktlarini kengaytirish bilan hamroh bo‘lmoqda. U Falastinni tan olish o‘z taqdirini o‘zi belgilash va inson huquqlari tamoyillariga mos kelishini ta’kidladi.
Avstraliya hukumati bosh vazir Entoni Albanese rahbarligida ham tan olganini e’lon qildi. Bu qaror tinchlik va xavfsizlikni ikki davlat yechimi asosida ta’minlash istagini aks ettiradi, deya qayd etildi. Shu bilan birga, Avstraliya falastinlik rasmiylardan boshqaruv, moliya va ta’lim sohalarida islohotlar o‘tkazishni hamda HAMASning siyosiy jarayonda ishtirok etmasligini talab qildi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer video murojaatida Falastinni tan olish tinchlikka erishish umidini qayta tiklash uchun qadam ekanini aytdi. Shuningdek, u HAMASga qarshi yangi sanksiyalar kiritish rejalari haqida gapirib, Isroilni G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishni ta’minlashga chaqirdi.
Uch davlatning bu qarori xalqaro siyosatda muhim o‘zgarish bo‘lib, boshqa davlatlarning ham Falastinni tan olish jarayonini tezlashtirishi kutilmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda ularga Fransiya, Portugaliya va Belgiya qo‘shilishi mumkin.