Dunyo
13.10.25
7264

GKNB rahbari Qirg‘iziston poytaxtini Manas shahriga ko‘chirish ehtimolini bildirdi

Qirg‘iziston GKNB rahbari Kamchibek Toshiyevning aytishicha, agar Manas bunga tayyor bo‘lsa, kelajakda mamlakat poytaxti shu shahar bo‘lishi mumkin.

Kelajakda Qirg‘iziston poytaxti Manas shahri bo‘lishi mumkin. Bu haqda Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (GKNB) rahbari Kamchibek Toshiyev jamoatchilik tadbirlaridan birida ma’lum qildi.

Toshiyevning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror faqat shahar va uning aholisi bunga tayyor bo‘lgan taqdirda qabul qilinadi. U ta’kidlashicha, 2026 yilda Manas Bishkek va O‘shdan keyin respublika ahamiyatiga ega uchinchi shahar maqomini oladi.

Toshiyev Jalolobod shahrining Manas deb o‘zgartirilishini strategik jihatdan to‘g‘ri qadam deb atadi. “Shahar faol rivojlanmoqda va mamlakat hayotida tobora muhimroq o‘rin egallayapti”, — dedi u.

“Ba’zi siyosatchilar Manas poytaxtga aylanishi mumkinligini aytishgan. Agar bunga munosib bo‘lsak, nega yo‘q? Vaqt ko‘rsatadi. Ammo bunga erishish uchun shaharni va xalqni tayyorlash zarur — ruhiy jihatdan ham tayyor bo‘lish kerak. Poytaxt bo‘lish oson emas: bunga katta mablag‘ ajratiladi, shaharni yangilab, zamonaviy ko‘rinishga keltirish lozim”, — dedi GKNB rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Manasda shaharni Qirg‘izistonning eng zamonaviy markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan yirik qurilish va infratuzilma ishlari olib borilmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling