Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 9 sentabr kuni Londonda o‘tgan Ukrainaga yordam bo‘yicha Kontakt guruh yig‘ilishida Deep Strike tashabbusini e’lon qildi. U Ukrainaga uzoq masofali zarbalar berish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Ukraina korxonalari bilan €300 mlnlik shartnomalarni imzolamoqda. Hujjatlarda «bir necha ming dona turli xil uzoq masofali dronlarni» mahalliy ishlab chiqarish va yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Pistorius kelishuvlar moslashuvchanligini ta’kidladi va hajmlarni oshirish imkoniyati mavjudligini qayd etdi. U ittifoqchilarni tashabbusga qo‘shilishga chaqirib, dastur maqsadi — «Rossiya harbiy mashinasini orqa hududlarda zaiflashtirish» ekanini urg‘uladi.
Shuningdek, vazir Germaniya tomonidan va’da qilingan Patriot zenit majmualarining ilk uchirgich qurilmalari Ukrainaga topshirilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Germaniya va Ukraina mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagan edi. Bu ilk bor Germaniya mablag‘lari hisobidan Ukrainada uzoq masofali qurollar ishlab chiqarishni moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi. Kansler Fridrix Mers buni «harbiy-sanoat hamkorligining yangi shakli» deb atadi va bu dronlarning qo‘llanish masofasiga hech qanday cheklovlar qo‘yilmasligini tasdiqladi.