O‘zbekiston raqamli rivojlanish sohasida AQShning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshiradi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazir Sherzod Shermatov Nvidia rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib, mamlakatda sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi hamda raqamli infratuzilma yaratish masalalarini muhokama qildi.
Loyihaga ko‘ra, umumiy quvvati 1 MVt bo‘lgan ikki hisoblash klasteri joriy etiladi:
— biri ta’lim va ilmiy tadqiqotlar uchun,
— ikkinchisi esa raqamli hukumat, tibbiyot, bank sohasi va sanoatdagi AI loyihalarini rivojlantirish uchun xizmat qiladi.
Yakuniy kelishuvlar 2026 yilda imzolanishi rejalashtirilgan. Hozirda AQSh hukumati bilan tafsilotlarni muvofiqlashtirish va uskunalarni yetkazib berish muddatlarini aniqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Nvidia texnologiyalaridan foydalangan holda AI Center of Excellence markazini ochadi. Loyiha qiymati 3 million dollarni tashkil etadi. Markaz o‘qituvchilarni tayyorlash, AI bo‘yicha kurslar o‘tkazish va mutaxassislarning malakasini oshirishga mo‘ljallangan.
Shuningdek, mamlakatning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida superkompyuterli AI-infratuzilma yaratish uchun Nvidia uskunalarini xarid qilish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuv joriy yil oxirigacha imzolanishi kutilmoqda.
Nvidia, shuningdek, O‘zbekiston bilan AI-loyihalarni boshqarish va raqamli ekotizimlarni rivojlantirish borasidagi ilg‘or tajribalarini ham bo‘lishadi.