O‘zbekiston sun’iy intellekt va ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) qurilishi bo‘yicha 100 million dollardan ortiq qiymatga ega loyihalarni Qoraqalpog‘istonda amalga oshiradigan kompaniyalar uchun yirik soliq va investitsiya imtiyozlarini tasdiqladi. Tegishli qarorni Prezident imzoladi.
Unga ko‘ra, 100 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan investorlar respublikada ishlab chiqilmaydigan serverlar, GPU-protsessorlar va sovutish tizimlarini olib kirishda bojxona bojlari hamda QQS to‘lashdan ozod etiladi.
Milliy IT-parki rezidentlari, jumladan, bulutli va sun’iy intellekt xizmatlarini eksport qiluvchi kompaniyalar 2040-yilgacha foyda, mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Xorijiy aksiyadorlar uchun dividendlarga nolinchi stavkali soliq joriy etiladi.
Bunday loyihalar uchun elektr energiyasining belgilangan tarifi 1 kVt·soat uchun 0,05 dollar etib belgilandi (QQSsiz). Shu bilan birga, operatorlar cho‘qqi soatlarda energiya iste’molini 20 foizga kamaytirish va umumiy quvvatning 30–35 foizini ta’minlaydigan energiya saqlash tizimlarini (BESS) joriy etishga majbur.
Davlat tashqi infratuzilmani yaratib beradi, biroq investorlar kamida 25 foiz mablag‘ni o‘z hisobidan kiritishi lozim. Ular shuningdek, mahalliy banklar ishtirokisiz xalqaro to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Qurilish Design–Procure–Build tamoyili asosida olib boriladi — bu loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xarid va montaj ishlarini parallel ravishda bajarishga imkon beradi. Bunday obyektlar uchun yer maydonlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ajratadi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, yangi majmualar “sun’iy intellekt rivoji uchun yirik markaz”ga aylanadi, bu yerda zamonaviy grafik protsessorlar bilan jihozlangan startaplar va data-markazlar joylashadi.
AI-loyihalar joylashuvi mintaqada qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish rejalari bilan uyg‘unlashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2030-yilgacha O‘zbekiston sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun 1 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyani jalb etishni rejalashtirmoqda.