O‘zbekiston ChatGPT yaratuvchisi va sun’iy intellekt sohasidagi jahon yetakchisi OpenAI bilan strategik hamkorlik sari ilk qadamni tashladi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi moliyaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha departament bosh o‘rinbosari Hikmatilla Ubaydullayev OpenAI vakillari bilan o‘tkazilgan ilk ishchi uchrashuv haqida ma’lum qildi. Muzokaralarda ta’lim va hamkorlik yo‘nalishlari rahbarlari — Valeri Fokke, Dips Patel, Shayg Ali va Karlotta Serrano ishtirok etdi.
Uchrashuvda ChatGPT EDU platformasini joriy etish masalasi muhokama qilindi. Ushbu ta’limiy tizim o‘qituvchilar va talabalar uchun OpenAI’ning til modellari bilan xavfsiz muhitda ishlash, AI-assistentlar yaratish hamda o‘quv materiallarini tayyorlash imkonini beradi.
Alohida e’tibor shaxsiylashtirilgan ta’limga qaratildi — ya’ni sun’iy intellekt har bir o‘quvchining bilim darajasi va o‘rganish tezligiga moslashadi. Ubaydullayevning so‘zlariga ko‘ra, bu yondashuv yagona o‘quv metodikasidan voz kechib, ta’limni yanada individual va samarali qiladi.
Tomonlar OpenAI yechimlarini “Bir million AI yetakchilari” milliy dasturiga integratsiya qilishga kelishib oldi. Bu O‘zbekistonlik talabalar va pedagoglarga sun’iy intellektni xalqaro standartlar asosida o‘rganish imkonini beradi.
Shuningdek, uchrashuvda mahalliy startaplarga ko‘mak masalasi ham ko‘tarildi. OpenAI o‘z vositalari va API’lariga imtiyozli kirish huquqini taqdim etishga, shuningdek, xakaton va akseleratsiya dasturlarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Bu O‘zbekistonda mahalliy AI-mahsulotlar ekotizimini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
O‘zbekiston tomoni esa GPU-klaster va o‘zbek tilidagi ma’lumotlar bazasi yaratish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. OpenAI vakillari ularning texnologiyalari allaqachon o‘zbek tilida samarali ishlayotganini ta’kidladi va hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uch yo‘nalish bo‘yicha “roadmap” (yo‘l xaritasi) tayyorlashga kelishib oldi:
ChatGPT EDU’ni universitetlarda joriy etish;
ommaviy AI-ta’limni rivojlantirish;
startaplarni qo‘llab-quvvatlash va xakatonlar o‘tkazish.