O‘zbekistonda ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni sezilarli darajada kuchaytiruvchi o‘zgartishlar kuchga kirdi. Jarimalar bir necha baravar oshirildi, takroriy holatlar uchun esa endi jinoiy javobgarlik belgilandi.
Chiqindilar va suv
Chiqindilar bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun jarimalar fuqarolar uchun ikki baravar, mansabdor shaxslar uchun esa to‘rt-besh baravar oshirildi. Qayta ishlanadigan chiqindilarni noqonuniy yig‘ish va olib chiqish uchun alohida modda joriy etildi — maksimal jarima 1,2 mln so‘mgacha yetadi. Daryolarni ifloslantirish, oqova suvlarni tashlash va suvdan foydalanish qoidalarini buzish uchun ham shunga o‘xshash choralar belgilandi.
O‘rmon fondi
O‘rmon fondi yerlarida noqonuniy qurilish uchun ayniqsa qat’iy jazo chorasi ko‘zda tutilgan: fuqarolar uchun jarima 41,2 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 82,4 mln so‘mgacha yetadi. Takroriy qoidabuzarliklar uchun Jinoyat kodeksiga ko‘ra 206 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.
Havo, yer va hayvonot dunyosi
Odamlar ommaviy kasallanishiga yoki hayvonlar nobud bo‘lishiga olib kelgan qoidabuzarliklar uchun 206 mln so‘mgacha jarima va 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari belgilangan. Yer va yer osti boyliklariga zarar yetkazish uchun jarimalar uch baravar oshirilib, 123,6 mln so‘mgacha yetkazildi.
Nazorat va monitoring
Endilikda ekologik huquqbuzarliklar foto va video qayd orqali aniqlanadi. Ekologik monitoring tizimida ma’lumotlarni yashirgan yuridik shaxslar 123,6 mln so‘mgacha jarima to‘laydi.