Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan siam egizaklari — Fotima va Zuhra Xoliyevalar oilasiga qaytib, tengqurlari qatori to‘laqonli hayot kechirmoqda. 2012-yilda tug‘ilgan qizlar bir necha yil Andijondagi “Muruvvat” ixtisoslashtirilgan muassasasida bo‘lganidan so‘ng, 2025-yil boshida uyiga qaytdi.
Hozir opa-singillar “Kuzichokli” mahallasida yashab, 23-maktabda tahsil olmoqda. Ular uchun inklyuziv sinf tashkil etilgan. Jismoniy o‘ziga xosliklariga qaramay, Fotima va Zuhra o‘quv dasturini muvaffaqiyatli o‘zlashtirmoqda, ijodiy tanlovlarda qatnashib, “Sen iste’dodlisan” tanlovida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda, hatto voleybol bo‘yicha ham musobaqalarda ishtirok etmoqda.
O‘qituvchilar ta’kidlashicha, Fotima faol va chaqqon, Zuhra esa mulohazali va boy tasavvurga ega. Har ikki qiz o‘z iqtidorini rivojlantirishda davom etmoqda va erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmayapti.
Xoliyevalar opa-singillari hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri sharoit yaratilsa, alohida ehtiyojli bolalar ham boshqalar qatori ta’lim olib, rivojlanib, muvaffaqiyatlarga erisha oladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda siam egizaklarini ajratish bo‘yicha ilk muvaffaqiyatli operatsiya 2023-yil yanvar oyida o‘tkazilgan.