Yangiliklar
08.04.26
7342

Andijonda Cobalt haydovchisi hovlida ikki bolani urib yubordi

3-aprel kuni Andijondagi “Hamdo‘stlik” mahallasida Cobalt haydovchisi yo‘lda o‘ynab yurgan ikki bolani urib yubordi. Jabrlanganlar shifoxonaga yotqizildi, holat yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.

3-aprel kuni Andijon shahridagi turar-joy hududida voyaga yetmaganlar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Yo‘lda o‘ynab yurgan ikki nafar bola tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi.

Hodisa soat 18:47 atrofida “Hamdo‘stlik” mahallasidagi Mustaqillik ko‘chasida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli ayol boshqaruvidagi Cobalt avtomobili turar-joy hududi bo‘ylab harakatlanayotganda ehtiyotsizlik oqibatida bolalarni urib yuborgan.

Jabrlanganlar zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filialiga yetkazilib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Andijon viloyati IIBda mazkur holat yuzasidan dastlabki tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Olingan jarohatlar og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. YHXB xodimlari hodisaning barcha holatlarini, jumladan, turar-joy hududida tezlik me’yoriga rioya etilgan-etilmaganini hamda avariya paytidagi ko‘rinish sharoitlarini o‘rganmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling