O‘zgidromet dam olish kunlari O‘zbekistonda anomal issiq ob-havo kuzatilishi haqida ogohlantirdi. Mamlakat janubi va cho‘l hududlarida havo harorati +39…+41°C gacha ko‘tariladi. Qolgan hududlarda kunduz kuni +32…+37, kechasi esa +17…+22 daraja bo‘lishi kutilmoqda.
Juma kuni ob-havo asosan quruq va kam bulutli bo‘ladi. Shanba kuni kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi мумкин. Yakshanba kuni esa Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlarining ayrim joylarida momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda uch kun davomida ayrim joylarda yomg‘ir, momaqaldiroq hamda sel-suv toshqini hodisalari yuz berishi ehtimoli bor.
Shamol ham qo‘shimcha noqulaylik tug‘diradi. Juma va shanba kunlari shimoliy hamda cho‘l hududlarida, yakshanba kuni esa respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayadi, ba’zi hududlarda esa 20–22 m/s gacha yetib, chang-to‘zon kuzatiladi.
Toshkent shahrida juma va shanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 16-may kechqurun qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat +32…+34°C atrofida bo‘ladi. 17-may, yakshanba kuni esa ob-havo quruq bo‘lib, havo harorati +36°C gacha ko‘tariladi.