O‘zbekistonda ichki ishlar organlari huzuridagi qo‘riqlash xizmati vakolatlari kengaytirildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, qo‘riqlash xizmati bo‘linmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni mustaqil ko‘rib chiqish hamda javobgarlik choralarini belgilash vakolati berildi.
Ushbu ro‘yxatga jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish, belgilanmagan joylarga axlat tashlash, maishiy shovqinga qarshi qoidalarga rioya qilmaslik, voyaga yetmaganlarni ijtimoiy jihatdan xavfli xatti-harakatlarga jalb qilish, mayda o‘g‘rilik va mayda bezorilik kiradi. Shuningdek, xizmat xodimlari diniy materiallarni noqonuniy tayyorlash, saqlash yoki tarqatish, qurol va sovuq qurollar bilan muomala qilish qoidalarini buzish hamda sovuq qurol olib yurish bilan bog‘liq ishlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi.
O‘zgarishlar ma’muriy qonunchilikni keng ko‘lamli isloh qilish fonida amalga oshirilmoqda: O‘zbekistonda eski normalarni bekor qilish va jamiyat manfaatlariga tahdid soluvchi harakatlar uchun sanksiyalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi yangi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ishlab chiqilmoqda.