Toshkent shahri va Samarqand viloyatida yer uchastkalarini noqonuniy sotish urinishlari fosh etildi. Firibgarlar yerlarni kadastr idoralaridagi “tanishlari” orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Poytaxtda tezkor tadbir davomida erkak 20 ming dollar olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Zangiota tumanidagi “Buston” mahallasida joylashgan 24 sotix yer uchastkasini davlat zaxirasidan chiqarib, nomiga o‘tkazib berishni va’da qilgan va buni kadastr tizimidagi aloqalari bilan izohlagan.
Shunga o‘xshash holat Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida ham qayd etildi. Mahalliy fuqaro 13 sotix yer maydonini 39 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Holbuki, uchastkaning bir qismi temiryo‘lning muhofaza hududiga kiradi. U 5 ming dollar avans olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Har ikkala holat yuzasidan “Firibgarlik” va “pora berishga ko‘maklashish” moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.