Yangiliklar
28.04.26
11007

O‘zbekistonda yashil qurilish: barqarorlik uchun kim to‘laydi va bu amalda qanday ishlaydi

III Toshkent urban forumida mutaxassislar barqaror qurilish masalasini muhokama qildi. Quruq qurilish materiallari, aqlli fasadlar va geotermal issiqlik nasoslari — nimalar allaqachon ishlayapti, nimalar sust ketmoqda va ekologik yechimlar uchun kim to‘lashi kerak.

O‘zbekiston Yosh arxitektorlar assotsiatsiyasi tomonidan poytaxt hokimligi va Progressiv islohotlar markazi ko‘magida tashkil etilgan III Toshkent urban forumida “Barqaror binolar: resurslar iqtisodiyoti va operatsion samaradorlik” mavzusida panel sessiya bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda shahar aholisi soni ortib borayotgan bir paytda, qanday qilib oqilona va ekologiyaga kamroq zarar yetkazadigan tarzda qurilish olib borish masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.

Binoning hayoti karyerdan boshlanadi

Knauf Uzbekistan kompaniyasi texnik bo‘limi rahbari Aleksandr Kungurtsevning ta’kidlashicha, binolarni qurish va ulardan foydalanish global karbonat angidrid chiqindilarining qariyb 40 foiziga to‘g‘ri keladi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, gipsokartondan qurilgan devorning bir kvadrat metri ishlab chiqarish jarayonida g‘isht va suvoq bilan qurilgan devorga nisbatan 2,5 barobar kam CO₂ chiqaradi.

Suv sarfi bo‘yicha ham vaziyat o‘xshash: quruq qurilish usuli har kvadrat metr uchun taxminan 100 litr suv talab qiladi, an’anaviy g‘ishtli usulda esa bu ko‘rsatkich 160–190 litrni tashkil etadi. Devor qalinligidagi farq ham inobatga olinsa, tafovut 2,5–3,5 barobargacha yetadi.

Kungurtsev Yevropa tajribasiga ham to‘xtaldi. U yerda ishlab chiqaruvchilar EPD tizimi orqali mahsulotning ekologik izini deklaratsiya qilishi shart. Bunday sertifikatsiz materiallar “yashil” maqomga ega obyektlarda qo‘llanilmaydi. Uning fikricha, O‘zbekiston ham shu yo‘nalishda harakat qilishi kerak.

Barqarorlikni bino shaklining o‘zida belgilash mumkin

Niderlandiyaning Orange Architects studiyasi arxitektori Irina Vaganova ekologik samaradorlikka loyihalash bosqichidayoq erishish mumkinligini ko‘rsatdi. Rotterdamdagi Colosseumplot majmuasida xonadonlar issiqlik nasoslari yordamida isitiladi, drenaj bloklari yomg‘ir suvini ushlab qoladi, yog‘och karkaslarni esa demontaj qilib, qayta foydalanish mumkin.

Amsterdamdagi “Suzuvchi bog‘lar” loyihasida balkonlarning keng kamarlari pastki qavatlarga soya beradi va konditsioner yuklamasini kamaytiradi. Qavatlar orasiga esa quyosh panellari o‘rnatilgan.

Yana bir misol — Ukrainadagi The Panno School Complex maktab majmuasi. Bu kutubxona, media markaz, laboratoriya va sport inshootlarini o‘z ichiga olgan ko‘p funksiyali mini-shaharcha hisoblanadi. Binolar ko‘chma modullardan tashkil topgan bo‘lib, ularni qismlarga ajratib, boshqa joyda qayta yig‘ish mumkin.

“Muqobil texnologiyalar hozircha qimmatroq”

Toshkentda ilk xorijiy loyihasini amalga oshirayotgan Qozonning Unistroy Development kompaniyasi девелопeri Lenar Xalikov masalaga amaliy nuqtai nazardan yondashdi. Kompaniya allaqachon harakat datchiklari bilan jihozlangan LED yoritish tizimlari, moslashuvchan liftlar va ichimlik suvini xonadonlargacha markazlashtirilgan filtrlash tizimini joriy qilmoqda. Bu aholi uchun butilkadagi suv xarid qilish zaruratini kamaytiradi.

Biroq yanada dadil tajribalar har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Volgabo‘yida geotermal issiqlik nasoslari, quyosh panellari va 78 ta quduq bilan jihozlangan tajriba uyi to‘liq avtonom bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Ammo -38°C gacha bo‘lgan sovuqda tizim yetarli darajada ishlamagan: xonadonlardagi harorat odatiy 23 daraja o‘rniga 17–18 darajagacha tushib ketgan. Natijada uy markaziy tarmoqqa ulanmagan bo‘lsa bo‘lmagan. Shunga qaramay, loyiha yiliga taxminan 100 tonna uglerod chiqindisini kamaytirishga erishgan.

“Janubiy hududlarda bunday yechimlar juda istiqbolli”, — dedi Xalikov, jumladan O‘zbekistonni ham nazarda tutib.

“Yashil” texnologiyalar xarajatini kim qoplashi masalasi esa hanuz ochiq qolmoqda. Xalikovning aytishicha, bozor rivojlangani sari muqobil yechimlar narxi pasayib bormoqda — xuddi quyosh panellari bilan bo‘lgani kabi. Ayrim Yevropa davlatlarida bu o‘tish jarayoni davlat subsidiyalari bilan qo‘llab-quvvatlanadi, boshqa holatlarda esa xarajatlarni девелопer yoki xaridor o‘z zimmasiga oladi — agar ekologik barqarorlik ular uchun muhim qadriyat bo‘lsa.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling