O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi fuqarolarga hajni tashkil etish qoidalarini yana bir bor eslatib, ziyoratni rasmiy tartibdan tashqari amalga oshirishga urinishlar uchun javobgarlik borligi haqida ogohlantirdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, haj safarini tashkil etish faqat O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan, Saudiya Arabistonining Haj va umra vazirligi bilan har yili tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Bunday xizmatlarni taklif qilayotgan boshqa har qanday tuzilmalar noqonuniy hisoblanadi.
Noqonuniy ziyorat oqibatlari
Saudiya Arabistoniga noqonuniy yo‘l bilan kirgan ziyoratchilarga 20 ming saudiy riyaligacha (taxminan 5 300 dollar) jarima, olti oygacha ozodlikdan mahrum etish, deportatsiya hamda 10 yil muddatga mamlakatga kirish taqiqi qo‘llanadi.
Tashkilotchilar uchun javobgarlik
Noqonuniy hajni tashkil etishga ko‘maklashgan jismoniy va yuridik shaxslarga 100 ming saudiy riyaligacha — 26 600 dollardan ortiq miqdorda jarima belgilanishi mumkin.
Qo‘mita fuqarolarni faqat rasmiy tashkilotlarga murojaat qilishga va firibgarlik sxemalariga aldanib qolmaslik uchun hushyor bo‘lishga chaqirdi.