O‘zbekiston prezidenti davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjat tibbiyot va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning maqomini oshirish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan bir qator imtiyozlar, to‘lovlar va rag‘batlantiruvchi dasturlarni o‘z ichiga oladi.
2026 yildan boshlab Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan davlat klinikalari xodimlariga eng kam ish haqiga teng miqdorda bir martalik mukofot beriladi. Shuningdek, har yili to‘qqizta nominatsiya bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi — ular orasida “Tumaning eng yaxshi shifokori” va “Eng yaxshi shifoxona” kabi yo‘nalishlar mavjud. G‘oliblar 500 million so‘mgacha (muassasalar uchun) va 30 million so‘mgacha (mutaxassislar uchun) pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Milliy akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlar uchun oylik ish haqining 10 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Uch yildan ortiq tajribaga ega shifokorlar yiliga bir marta bepul yuqori texnologik tibbiy xizmat olish huquqiga ega bo‘ladi. Yangi davolash usullarini joriy etgan mutaxassislar esa 50 baravar BHM miqdorida bir martalik mukofot bilan rag‘batlantiriladi.
Davlat shifokorlarning ilmiy maqolalarini xalqaro nashrlarda chop etish xarajatlarini qoplaydi va barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovni ikki baravar kamaytiradi.
15 yildan ortiq mehnat stajiga ega tibbiyot xodimlarining farzandlari oliy ta’lim muassasalarida o‘qish narxining 30 foizi miqdorida kompensatsiya olishadi. O‘zi esa ipoteka uchun boshlang‘ich to‘lovning 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi. Shuningdek, ularga yiliga bir marta bepul sanatoriy yo‘llanmasi beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun har yili 100 milliard so‘m ajratish topshirig‘i berildi.
Dasturining asosiy maqsadi — “Shifokor — xalq salomatligining posboni” shiori ostida tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, ularning motivatsiyasini va kasbiy nufuzini oshirishdir.