Yangiliklar
24.10.25
7581

O‘zbekistonlik haydovchilar Dubayda taksi haydovchisi sifatida ishlash imkoniga ega bo‘ladilar

Dubai Taxi Company O‘zbekistondan 700 nafargacha haydovchini ishga olishni rejalashtirmoqda. Dastlabki bosqichda Dubayda 200 nafar o‘zbekistonlik haydovchi ish boshlaydi.

Birlashgan Arab Amirliklarining eng yirik transport kompaniyalaridan biri — Dubai Taxi Company — O‘zbekistondan 700 nafargacha haydovchini ishga olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kompaniya vakillari va O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi o‘rtasidagi muzokaralar yakunida ma’lum qilindi.

Uchrashuvda kompaniya rahbari Sayid Amin Abdulrahmon ishtirok etib, O‘zbekistondan malakali haydovchilarni jalb etishga qiziqish bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki bosqichda korxona 200 nafar xodimni ishga qabul qilishga tayyor, muvaffaqiyatli natijalardan so‘ng esa yana 500 nafar haydovchi ishga olinadi.

“Biz O‘zbekistondan haydovchilarni ishga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy jarayonlarni rasmiylashtirish va ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz,” — dedi Sayid Amin Abdulrahmon.

O‘zbekiston delegatsiyasi esa xorijda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, “Ishga marhamat” monomarkazlarida fuqarolar xalqaro standartlar asosida kasbiy tayyorgarlik va sertifikatsiyadan o‘tishi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida Dubai Taxi Company va O‘zbekiston Bandlik agentligi o‘rtasida o‘zbekistonlik haydovchilarni Dubayda rasmiy tarzda ishga joylashtirish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling