Toshkent shahrining Yunusobod tumanida rahbariyat almashdi. Tuman hokimi lavozimiga 31 yoshli Abrorxo‘ja Rustamxo‘ja o‘g‘li Saidaliyev tayinlandi. Bu haqda poytaxt hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Abrorxo‘ja Saidaliyev 1994 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2017 yilda O‘zbekiston Milliy universitetini, 2021 yilda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2018 yilda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyatida boshlagan.
2022 yil iyun oyidan buyon u Yunusobod tumani hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan, shuningdek, tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limiga rahbarlik qilgan.
Avval Yunusobod tumani hokimi lavozimini 2022 yil yanvaridan buyon Bo‘hodir Abduvaliyev egallab kelgan. U prezident Shavkat Mirziyoyevning tumanga tashrifidan keyingi kuni lavozimidan ozod etilgan. Tashrif davomida davlat rahbari kogeneratsiya stansiyasi faoliyati bilan tanishgan, Yunusabad Gallery savdo-biznes markazi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasining yangi binosiga tashrif buyurgan hamda yig‘ilish o‘tkazgan edi.
Avvalroq Yunusobod aholisi turar joy binosi yonida gastroko‘cha tashkil etish doirasida qurilayotgan terrasaga oid shikoyatlar bildirgani, ularning aytishicha, tuman hokimiyati bu masalaga uzoq vaqt davomida munosabat bildirmagani haqida xabar qilingan edi.