Yangiliklar
05.12.25
7443

O‘zbekistonda Bag‘dod tumani hokimining o‘rinbosari hamda Namanganda ikki nafar hokim yordamchisi korruptsiyada gumonlanib qo‘lga olindi.

O‘zbekistonda Bag‘dod tumani hokimining o‘rinbosari hamda Namanganlik ikki hokim yordamchisi qo‘lga olindi. Ular yer uchastkalarini rasmiylashtirish evaziga noqonuniy pul mukofotlari olganlikda gumon qilinmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani hokimining o‘rinbosari 8 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u onlayn-auksionda boshqa fuqaro yutib olgan 2,4 sotix yer maydonini uchinchi shaxsga ijara asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.

Shuningdek, Namangan viloyatining ikki tumanida ham korruptsion holatlar aniqlangan.

Bir mahallada hokim yordamchisi “Yashil makon” loyihasi doirasida ajratilgan 8 sotix yer hujjatlarini rasmiylashtirib berish va uning maqomini turar-joyga o‘zgartirish evaziga 6 ming dollar talab qilgan. U pullarni olayotganida qo‘lga olingan.

Yangi-Namangan tumanida esa boshqa bir hokim yordamchisi davlat zaxirasidan ajratiladigan 12 sotix yer hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 16 ming dollar so‘ragan. U hokimiyat va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali “masalani hal qilib berishini” va’da qilgan. Mazkur shaxs 6 ming dollar olayotganida qo‘lga olingan.

Uchala holat yuzasidan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling