O‘zbekistonda xavfsizlik qoidalarining jiddiy buzilishi sababli 464 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda mamlakat bo‘ylab 6 mingdan ortiq AYoQSh tekshirildi. Tekshiruvlar davomida yonilg‘i saqlash, uskunalarning texnik holati va mehnat muhofazasi talablariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq 46,7 mingta qoidabuzarlik aniqlangan.
Asosiy kamchiliklar Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zenergoinspeksiya”, Texnik tartibga solish agentligi hamda Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi mutaxassislari tomonidan qayd etilgan.
Aniqlangan muammolarning 7 mingdan ortig‘i bartaraf etilgan. Biroq eng xavfli qoidabuzarliklar aniqlangan stansiyalar qayta tekshiruv o‘tkazilmaguncha yopiq qoladi.
AYoQSh egalari va xodimlariga yonilg‘ini saqlash qoidalariga qat’iy rioya qilish, uskunalarni muntazam tekshirib turish hamda mehnat xavfsizligi talablariga amal qilish topshirildi.
Keng ko‘lamli tekshiruvlar seriyasi bir qator yong‘inlardan so‘ng boshlangan. Jumladan, 5-avgust kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumani, Oltin dala mahallasidagi gaz quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘lgan. Bir oy avval xuddi shu tumandagi boshqa AYoQShda yuz bergan portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
O‘tgan yil dekabr oyida Farg‘ona viloyatida ham shunga o‘xshash hodisa sodir bo‘lib, natijada to‘rt kishi, jumladan ikki bola hayotdan ko‘z yumgan edi.