O‘zbekistonda mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda avtomobil gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (metan zapravkalari) faoliyati vaqtincha cheklab qo‘yildi. Bu haqda “Hududgazta’minot”ning hududiy filiallari ma’lum qildi va har bir viloyat bo‘yicha yangilangan ish jadvalini e’lon qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, AYoQShlarning ish vaqti quyidagicha belgilangan:
• Toshkent — 78 ta stansiya 06:00 dan 23:00 gacha ishlaydi;
• Andijon viloyati — 143 ta stansiya 05:00 dan 17:00 gacha;
• Namangan viloyati — 134 ta stansiya 05:00 dan 17:00 gacha;
• Farg‘ona viloyati — 173 ta stansiya 06:00 dan 18:00 gacha;
• Qoraqalpog‘iston — 124 ta stansiya 06:00 dan 18:00 gacha;
• Sirdaryo viloyati — 53 ta stansiya 06:00 dan 18:00 gacha;
• Navoiy viloyati — 51 ta stansiya 06:00 dan 19:00 gacha;
• Xorazm viloyati — 94 ta stansiya 05:00 dan 17:00 gacha;
• Surxondaryo viloyati — 106 ta stansiya 06:00 dan 17:00 gacha.
Eng yengil cheklov rejimi Toshkentda saqlanib qolgan — bu yerda zapravkalar 23:00 gacha ochiq. Bir qator viloyatlarda esa stansiyalar 17:00 ga borib yopiladi. Qolgan hududlar bo‘yicha ma’lumotlar rasmiy xabarlar taqdim etilishi bilan yangilanadi.
Bundan avval Energetika vazirligi Turkmeniston gaz transport tizimidagi texnik nosozlik tufayli O‘zbekistonga yetkazilayotgan gaz hajmi kamaygani haqida ma’lum qilgan edi. Tarmoqlarda bosimning tushib ketishini oldini olish va aholiga hamda ijtimoiy obyektlarga uzluksiz gaz yetkazib berishni ta’minlash maqsadida metan zapravkalari ish vaqti vaqtincha qisqartirilgan.
Keyinchalik energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avariya natijasida qariyb 6 million kub metr gaz taqchilligi yuzaga kelganini aytdi. Biroq to‘liq to‘ldirilgan (taxminan 6,3 milliard kub metr) yer osti gaz omborlaridagi zaxiralar ishga jalb qilingani yoki jalb qilinmagani bo‘yicha ma’lumot berilmadi. Mazkur omborlardan bir kunda 42 million kub metr gaz olish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Rossiya va Turkmenistondan gaz importini davom ettirmoqda. Joriy yilning o‘n oyida mamlakat 1,12 milliard dollarlik gaz import qilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foiz kam. Shu bilan birga, O‘zbekiston gazi eksporti 5,1 foizga oshib, 568,2 million dollarga yetdi. Asosiy xaridor sifatida Xitoy qolmoqda.
Mamlakatda gaz qazib chiqarish hajmi so‘nggi yillarda izchil kamayib bormoqda. Yil boshidan buyon 35,5 milliard kub metr gaz qazib olindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga (yoki 1,8 milliard kub metrga) kam.