O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 10 noyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasi vakillari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Yangi tizimga ko‘ra, tibbiyot muassasalariga rahbar qilib menejment bo‘yicha ta’lim olgan va tadbirkorlikda muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislar tayinlanadi. 2026-yildan boshlab 26 ta respublika markazi direktorlarini, shuningdek, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda oilaviy poliklinikalar mudirlarini aniq kasbiy mezonlar asosida tayinlash tartibi joriy etiladi.
Bosh shifokorlar integratsiyalashgan tizim doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika markazlari bilan ishlaydi. Ular hududdagi holatga qarab davolash, profilaktika va mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha buyurtmalar shakllantira oladi.
Eng yaxshi rahbarlar aniq natijalari uchun — innovatsiyalarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish, jarayonlarni raqamlashtirish va jamoada sog‘lom muhit yaratish uchun — rag‘batlantiriladi. Mukofotlar orasida “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi” faxriy unvoni, orden va medallar, pul mukofotlari hamda shifoxonalarni rivojlantirish uchun mablag‘lar bo‘ladi.
Bundan tashqari, har bir hududdan ikki nafar eng yaxshi rahbar AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Turkiyada tibbiy menejment bo‘yicha malaka oshirish kurslariga yuboriladi. Xuddi shunday tanlov 26 ta ixtisoslashgan respublika markazlari direktorlarining o‘rtasida ham o‘tkaziladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, bu tizim raqobatni kuchaytiradi, tibbiy xizmatlar sifatini oshiradi va munosib mutaxassislar mehnatiga adolatli baho berilishiga xizmat qiladi.