Yangiliklar
06.05.26
7440

O‘zbekistonda soliq penyalari cheklanadi, QQSni to‘xtatib turish uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda soliq qarzdorligi bo‘yicha penya endi asosiy qarzdan oshmaydi. QQS to‘lovchisi guvohnomasi avtomatik tarzda to‘xtatib turilmaydi — qarorni soliq organi rahbari qabul qiladi. Shuningdek, to‘liq ishlamayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun shtab tuziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish korxonalarining barqarorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Yig‘ilish yakunida soliq ma’murchiligida bir qator muhim o‘zgarishlar e’lon qilindi.

Biznes uchun asosiy yangilik — penya miqdorining cheklanishi. Endilikda soliq qarzdorligi bo‘yicha hisoblanadigan penya summasi asosiy qarz miqdoridan oshmaydi. Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Temur Ismoilovning ta’kidlashicha, avval ayrim holatlarda penya asosiy qarzni to‘liq yopib ketib, tadbirkorlar uchun og‘ir moliyaviy yuk keltirib chiqarayotgan edi.

Ikkinchi muhim o‘zgarish QQS to‘lovchisi guvohnomasini to‘xtatib turish tartibiga taalluqli. Shu paytgacha bu jarayon avtomatik tarzda amalga oshirilgan, natijada huquqiy noaniqlik yuzaga kelgan: sudlar bunday qarorlarni haqiqiy emas deb topganida, mas’ul shaxsni aniqlash deyarli imkonsiz bo‘lgan. Endi esa to‘xtatib turish qarorini soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari shaxsan qabul qiladi — bu esa idoraning shaxsiy javobgarligini oshiradi.

Shuningdek, yig‘ilishda to‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalar masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning yuklamasini tiklash orqali 65,6 trillion so‘mlik qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati mavjud. Muammoni hal etish uchun Respublika shtabi tuziladi: uning vakillari ikki hafta davomida korxonalarga chiqib, aylanma mablag‘ yetishmasligi, uskunalarning eskirishi yoki xomashyo ta’minotidagi uzilishlar kabi muammolarni aniqlab, banklar va tegishli idoralar bilan birgalikda ularni bartaraf etadi.

Bundan tashqari, kafe va restoranlar uchun QQSni qaytarish tartibini soddalashtirish, markirovka talablari buzilgani uchun jarimalarni kamaytirish, o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalar uchun komissiyalarni bekor qilish hamda tadbirkorlar uchun ayrim sanksiyalarga moratoriy joriy etish bo‘yicha choralar qo‘llab-quvvatlandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling