O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolarga himoya orderlari berish mexanizmini joriy etish hamda ularni haqiqiy rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu masala 10 dekabr kuni prezidentga taqdim etilgan korrupsiyaga qarshi siyosatni kuchaytirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ko‘tarildi.
Taqdim etilgan tashabbuslarga ko‘ra, mamlakatda korrupsiyaga sharoit yaratadigan omillarni tahlil qilib bartaraf etuvchi loyiha ofislari tashkil etiladi. Bunda byurokratiya yuqori bo‘lgan, raqamlashtirish darajasi past va huquqbuzarlik xavfi kuchli sohalarga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu ofislarning faoliyati bo‘yicha jamoatchilikka ochiq hisobotlar taqdim etib boriladi.
Prezident ta’kidlashicha, korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolar ishtiroki muhim ahamiyatga ega — investitsiya loyihalarini monitoring qilishdan tortib, joylardagi qurilish sifati ustidan nazoratgacha. Fuqarolar murojaatlarini rag‘batlantirish maqsadida informatorlar uchun himoya orderlarini joriy etish va samarali mukofotlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, QQSni boshqarishda shaffoflikni oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish masalalari ham muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev soliq jarayonlarini jadallashtirib raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va to‘liq avtomatlashtirishni topshirdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Jahongir Xatamovning aytishicha, idoralar huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishi, masofaviy nazoratni kengaytirishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishi va jamiyatda iqtisodiy jinoyatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishi zarur. Takliflar orasida moliyaviy savodxonlik bo‘yicha olimpiadalar o‘tkazish, jurnalistik surishtiruvlarni qo‘llab-quvvatlash va komplayens xizmatlarini rivojlantirish ham bor.
Informatorlarni himoya qilish
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxanovning ma’lum qilishicha, 2024 yilda korrupsiya haqida xabar bergani uchun 31 kishi rag‘batlantirilgan. Biroq ularning aksariyati faqat tashakkurnoma bilan cheklanib qolgan — 28 ta holatda byudjetdan mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda moddiy rag‘bat berilmagan.
Burxanovning ta’kidlashicha, informatorlar hanuz zaif holatda qolmoqda, aholining qariyb 30 foizi esa ishonchli himoya mexanizmlarining yo‘qligi sababli korrupsiya haqida xabar berishdan qo‘rqadi. Ayniqsa, sezgir mavzular bo‘yicha materiallar chop etgach bosimga uchraydigan jurnalistlar va blogerlar katta xavf ostida qolmoqda.
Ushbu muammolarni hal etish uchun korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjatda himoya orderlari berish, kengaytirilgan kafolatlar, jumladan jurnalistlar uchun alohida himoya, shuningdek real to‘lovlar tizimi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, parlamentda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga doir loyiha ham ko‘rib chiqilmoqda.