Yangiliklar
18.11.25
7351

Toshkentda Yutong brendi yangi elektrobuslar partiyasi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Toshkentda yo‘nalishlarga yangi Yutong elektrobuslari chiqmoqda. Ular eski MAN va Mercedes-Benz avtobuslarini almashtiradi hamda shahar transportida qulaylik va ekologik holatni yaxshilaydi.

18 noyabrdan Toshkentda shahar avtobus parkini yangilashning navbatdagi bosqichi boshlanadi. Bu haqda «Toshshaharttransxizmat» AJ xabar berdi. Shaharga yaqinda yetib kelgan yangi Yutong elektrobuslari yo‘nalishlarga chiqadi.

Yangi elektrobuslar 145, 48 va 124-yo‘nalishlarda qatnay boshlaydi va mavjud MAN markali avtobuslarni to‘liq almashtiradi. Shuningdek, 132-yo‘nalishda Mercedes-Benz avtobuslari yangiroq MAN modellari bilan almashtiriladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangilanishning asosiy maqsadi yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, ekologik vaziyatni yaxshilash va shahar transportining ishonchliligini oshirishdir.

Avvalroq xabar berilganki, joriy yil oktabr–noyabr oylarida Toshkentga 200 ta yangi Yutong elektrobuslari yetib kelgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich 5, 12, 17t, 21, 22, 30, 33, 47, 48, 84, 96, 103, 123, 124, 127, 145 va 151-yo‘nalishlarga chiqmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling