Toshkentda 108 gektar maydonda Milliy dendrologik park barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi va poytaxt ekologiyasini yaxshilash hamda ilmiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan.
Yangi bosqichdagi “yashil” loyiha
Konsepsiyaga ko‘ra, park hududida:
qariyb 50 ming dona daraxt;
100 mingdan ortiq butalar ekiladi.
Bu orqali havo haroratini 2–4°C ga pasaytirish, namlikni esa 10–15 foizga oshirish kutilmoqda. Natijada shahar mikroiqlimi yaxshilanadi.
Hudud oltita iqlim mintaqasiga mansub o‘simliklar asosida tematik zonalarga bo‘linadi. Ular orasida mevali daraxtlar, mahalliy navlar va dorivor o‘simliklar bog‘i bo‘ladi. Shuningdek, issiqxona ham qurilishi rejalashtirilgan.
Ko‘l va sakuralar bog‘i
Markaziy qismda 1 gektar maydonli sun’iy ko‘l barpo etiladi. Uning atrofida sakura daraxtlari ekilib, ushbu hudud shahar aholisi va sayyohlar uchun asosiy diqqat markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Ekologiya va texnologiyalar
Dendropark infratuzilmasi “yashil” texnologiyalar asosida shakllantiriladi:
tomchilatib sug‘orish tizimlari;
quyosh energiyasidan foydalanish;
obodonlashtirishda qayta ishlangan materiallarni qo‘llash.
Hududda piyoda va velosiped yo‘laklari, dam olish maskanlari hamda ta’lim maydonlari tashkil etiladi.
Ilmiy baza
Park Central Asian University for Environmental Studies and Climate Change (Green University) uchun ilmiy maydonga aylantiriladi. Bu yerda iqlimni o‘rganish, o‘simliklar seleksiyasi va mintaqa bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.