Yangiliklar
29.10.25
7486

Sirdaryoda himoyasiga olingan shaxsga “yordam berish” evaziga pora talab qilgan advokat qo‘lga olindi

Sirdaryo viloyatida davlat dasturi doirasida tayinlangan advokat 4,5 ming dollar va 6 million so‘m pora olayotganda qo‘lga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sirdaryo viloyatida bepul yuridik yordam ko‘rsatish uchun tayinlangan advokat fuqarodan katta miqdorda pul talab qilgani uchun qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, advokat tergovchi sifatidagi mavqeidan foydalanib, gumonlanuvchini Xovos tumanidagi tergov hibsxonasidan viloyat IIB huzuridagi SIZOga o‘tkazishda “yordam berish” va ishni sudda ijobiy hal qilish evaziga 5,5 ming dollar so‘ragan.

SGX va prokuratura xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir vaqtida u 4,5 ming dollar va 6 million so‘mni olayotgan paytida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, ushbu advokat davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish dasturi doirasida gumonlanuvchiga himoyachi sifatida tayinlangan edi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 211-moddasi (“Pora berish va olish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling