Surxondaryo viloyatida arxeologlar ilk temir davriga oid, yoshi qariyb 3 ming yil bo‘lgan qadimiy shaharni aniqladi. Topilma Bandixon II yodgorligida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma ekspeditsiyasi davomida amalga oshirildi.
Olimlar ma’lumotiga ko‘ra, manzilgoh miloddan avvalgi X asr atrofida barpo etilgan va miloddan avvalgi VIII asrgacha mavjud bo‘lgan. Qazishmalar natijasida qadimiy shaharning rejalashtirilishi va qurilish xususiyatlari ilk bor batafsil o‘rganildi.
Tadqiqotlar pastki madaniy qatlamlar aynan ilk temir davriga mansubligini ko‘rsatdi. Bandixon II Bandixon vohasidagi ushbu davrga oid eng yirik va eng yaxshi saqlangan manzilgohlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, topilgan me’moriy elementlar va artefaktlar qadimgi aholi turmushi, ularning texnologik darajasi va ijtimoiy aloqalari haqida tasavvur beradi. Shuningdek, topilma Markaziy Osiyodagi qadimgi savdo va madaniy aloqalarni yaxshiroq anglashga yordam beradi.
Surxondaryo viloyati an’anaviy ravishda mamlakatdagi muhim arxeologik hududlardan biri hisoblanadi. Kelgusidagi tadqiqotlar ilk temir davri haqida yanada yangi ma’lumotlar berishi kutilmoqda.
Avvalroq arxeologlar O‘zbekiston hududida o‘rta asrlarga oid Marsmanda shahri topilgan bo‘lishi mumkinligini ham ma’lum qilgan edi.