Yangiliklar
20.10.25
7530

Surxondaryoda arxitektor va mansabdor pora olayotganda qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyatida arxitektor va mansabdor 17 million so‘m pora olayotganda qo‘lga olindi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Surxondaryo viloyatida qurilish sohasida korruptsiya holati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.

Qurilish loyihalash bilan shug‘ullanadigan xususiy loyiha kompaniyasi arxitektori Muzrabot tumanidagi fuqarodan tugallanmagan bino loyihasini “to‘siqlarsiz” tasdiqlab berish evaziga 17 million so‘m talab qilgan.

DXX va ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida arxitektor so‘ralgan pulni olayotganda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, u olingan mablag‘ning bir qismini — 1 million so‘mni tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi rahbariga berishni rejalashtirgan. Mazkur mansabdor ham pora olayotgan paytda ushlangan.

Har ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov ishlari davom etmoqda.

Avvalroq DXX xodimlari Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Toshkentda ham mansabdor shaxslar va advokatlar orasida shunga o‘xshash korruptsiya holatlarini aniqlagandi.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling