O‘zbekistondagi barcha davlat maktablari bir smenali ish rejimiga o‘tishi kerak — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi shunday maqsadni belgilagan. Bu haqda idora rahbarlari 21-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimovning so‘zlariga ko‘ra, bir smenali tizimga o‘tish to‘garaklar va sport mashg‘ulotlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Natijada bolalar maktab hududini tark etmasdan, vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Hozir mamlakatda 10 193 ta davlat maktabi mavjud, biroq to‘liq bir smenali tizimga o‘tish uchun kamida 850 mingta o‘quv o‘rni yetishmaydi. Har yili barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan qariyb 200 mingta yangi o‘rin yaratilmoqda. Bitta sinfni pedagoglar, jihozlar va boshqa xarajatlar bilan ta’minlash qiymati esa 120–160 million so‘mni tashkil etadi.
Umumiy vaziyat yaxshilanayotganiga qaramay, 259 636 ta sinfdan 13,5 mingtasida, ya’ni 5,2 foizida hanuz 35 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Vazirlik muntazam ravishda qo‘shimcha binolar va yangi maktablar qurilishini tashabbus qilmoqda, biroq barcha hududlarda kengayish imkoniyati mavjud emas: evakuatsiya me’yorlari va boshqa xavfsizlik talablari saqlanishi kerak. Yangi turar-joy massivlarini rejalashtirishda vazirlik har bir xonadonga 1,5 ta o‘quv o‘rni normativiga amal qiladi.
Alohida muammo sifatida infratuzilmaning eskirgani ham saqlanib qolmoqda. “Qizil ro‘yxat”ga 669 ming o‘rinli, o‘nlab yillardan beri kapital ta’mirdan o‘tmagan 934 ta maktab kiritilgan. 1900 dan ortiq ta’lim muassasasida faollar zali va sport zali yo‘q, yana 263 ta turar-joy massivida esa maktablar hali qurilishi kerak.
Chekka hududlardagi maktab filiallari ham qisqarishda davom etmoqda — hozir ularning soni 1197 tani tashkil etadi. Avval loysuvoq binolarda joylashgan 629 ta obyekt 2020–2022 yillarda to‘liq yangilandi. Filiallarni butunlay tugatish rejalashtirilmagan: kuz-qish mavsumida olis hududlardagi bolalar uchun uyiga yaqin joyda o‘qish qulayroq hisoblanadi.