Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni Samarqand viloyatida mashinasozlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — Kattaqo‘rg‘on tumanida 100 gektarlik sanoat zonasini tashkil etishdir.
Yangi sanoat zonasi tijorat transporti ishlab chiqarishga ixtisoslashadi: mototsikllar, avtobuslar, yuk mashinalari, tirkama va yarim tirkamalar. Yillik quvvat 10 ming dona texnikaga yetkazilishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda umumiy qiymati 116 million dollarlik, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi beshta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Markaziy obyekt sifatida yuk mashinalari, avtobuslar, mikroavtobuslar, pikaplar va maxsus texnika ishlab chiqaradigan avtomobil zavodi barpo etiladi. Birinchi bosqich (40 million dollar, yiliga 5 ming dona) 2029-yil oxirigacha ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqich (45 million dollar) 2031-yilda yakunlanib, ishlab chiqarish to‘liq quvvatga chiqadi. Bundan tashqari, hududda tirkamalar, gidravlik tizimlar va yiliga 50 ming dona mototexnika ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi. 2028-yil mart oyigacha 10 gektar maydonda transport-logistika markazi ishga tushiriladi.
2030-yilga borib, mashinasozlikning viloyat sanoatidagi ulushini 15 foizga, qo‘shilgan qiymatdagi hissasini esa 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 2 mingdan ortiq yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratiladi, mahsulotlar MDH davlatlariga eksport qilinadi. Mahalliylashtirilgan butlovchi qismlar yillik hajmi 100 million dollarga yetkaziladi.
Strategik investor sifatida Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi ko‘rilmoqda. U 2025-yil dekabr oyida Samarqanddagi SamAuto zavodining 75,2 foiz ulushini 80 million dollarga sotib olgan va korxonani rivojlantirish uchun yana shuncha mablag‘ kiritish majburiyatini olgan.