Yangiliklar
21.10.25
7658

Yangi Toshkentda Saudiya Arabistoni kompaniyalari ishtirokida “Er-Riyod” turar-joy kvartali barpo etiladi

Yangi Toshkentda Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyalari ishtirokida “Er-Riyod” turar-joy kvartali barpo etiladi. Loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik ramziga aylanadi.

Yangi Toshkentda “Er-Riyod” nomli yangi turar-joy kvartali barpo etiladi. Loyiha Saudiya Arabistonining Al Majdiah va First Avenue kompaniyalari ishtirokida amalga oshiriladi.

Bu haqda ikki kompaniya kuzatuv kengashi raisi Abdusalom Al-Majid O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni biznes vakillari uchrashuvi chog‘ida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

— Biz sizning ishonchingizni oqlaymiz, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanali efirida prezidentga murojaat qilib.

Shavkat Mirziyoyev loyiha ramziy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi:

“Agar biz ‘Er-Riyod’ kvartalini qursak, bu ikki xalqni bog‘lovchi ko‘prikka aylanadi”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil sentabr oyida Yangi Toshkentda “Sankt-Peterburg” nomli yangi kvartal konsepsiyasi taqdim etilgan edi. U Rossiyaning shimoliy poytaxtiga xos klassik uslub va zamonaviy urbanizmni birlashtiradi. Qurilish ishlarini 2026-yil o‘rtalarida boshlash rejalashtirilgan.

Yangi Toshkent loyihasi 2023-yildan buyon amalga oshirilmoqda. Uni rivojlantirish uchun Yuqorichirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlarida 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Konsepsiya Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Dastlabki bosqichda (6000 gektar maydon) 600 ming aholiga mo‘ljallangan infratuzilma va muhandislik tarmoqlari barpo etilmoqda. Kelajakda shahar 2 million aholiga mo‘ljallangan.

Batafsil yangiliklar Telegram kanalida
Obuna boʻling