O‘zbekiston Energetika vazirligi Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “M-25” konida gaz sizib chiqishi haqida tarqalgan xabarlarni izohladi. Avvalroq mahalliy aholi kuchli gaz hidi va nafas olishdagi qiyinchiliklardan shikoyat qilgandi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 2-noyabr kuni konning 202-sonli qudug‘ida tabiiy gaz oqimini kuzatish uchun yoqib qo‘yilgan mash’al alangasi vaqtincha o‘chgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu holat tabiiy geologik jarayonlar bilan bog‘liq. Yonish intensivligi pasaygani aniqlangach, zararli moddalar atmosferaga chiqib ketmasligi uchun alanga tezda qayta yoqilgan.
“Bu jarayon atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilishning standart usuli hisoblanadi va sanoat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro talablarga to‘liq mos keladi. Vaziyat barqaror, mutaxassislar nazoratida”, — deyiladi Energetika vazirligi bayonotida.
Vazirlik bu hodisa favqulodda vaziyat emas, balki rejalashtirilgan texnologik jarayon ekanini ta’kidladi. Shuningdek, voqea 3-noyabr soat 01:29 da qayd etilgan zilzilaga aloqador emasligi bildirildi.
Avvalroq Boysunda yashovchilar ijtimoiy tarmoqlarda kuchli gaz hidi tufayli “nafas olish qiyinlashgani” haqida yozishgan. Ular havoning holati va bolalar sog‘lig‘idan xavotir bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil sentabr oyida “Mustaqillikning 25 yilligi” konida oltingugurt vodorodi sizib chiqishi, keyinroq esa ikki kishining halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan texnogen hodisa yuz bergan edi. 2025-yil yanvarida esa foydalanuvchilar shu hududda “yonib turgan maydon” haqida xabar bergan, rasmiylar bu holatni “nazoratli yoqish jarayoni” deb izohlagan.