Qashqadaryo viloyatida sud bolani ikki marta sotishga uringan hamshirani aybdor deb topdi va uni 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Millar” telekanali xabar berdi.
Sud materiallariga ko‘ra, 2023-yilda Kasan tuman tibbiyot birlashmasi poliklinikasida ishlagan 32 yoshli hamshira bolaning onasi bilan til biriktirib, uch yoshli qizni boshqa bir ayolga 19,7 million so‘m evaziga sotgan.
Shuningdek, hamshira xaridorga soxta tug‘ilish haqidagi guvohnoma rasmiylashtirishda yordam berishni va’da qilib, buning uchun 2 million so‘m olgan.
Oradan ikki yil o‘tib, u yana qizaloqni 15 ming dollar evaziga sotmoqchi bo‘lgan. Bu safar u 60 yoshli vositachi erkak bilan birga harakat qilgan, biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Sud ayolni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (Odam savdosi) va 168-moddasi 2-qismi “b” bandi (Oldindan til biriktirgan shaxslar tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bo‘yicha aybdor deb topdi.
Sud qaroriga ko‘ra, hamshiraga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan birga 30 baravar bazaviy hisoblash miqdorida — 12,63 million so‘m jarima tayinlandi. Uning sherigiga esa 3 yil muddatga erkinlikni cheklash, yashash joyini tark etishni taqiqlash va xuddi shunday jarima jazosi belgilandi.
Ikki marta sotilishidan saqlab qolinган qizaloq hozirda davlat qaramog‘ida bo‘lib, Kitob tumanidagi bolalar uyida tarbiyalanmoqda.